O`zbekiston futbol federatsiyasining majlislar zalida O`zbekiston chempionati, Kubogi va birinchiligi bahslarini boshqaradigan hakamlar va nazoratchilar ishtirokida yig`ilish bo`lib o`tdi. Yig`ilishda O`zbekiston professional futbol ligasi bosh direktori Farhod Magometov, Hakamlar va nazoratchilar qo`mitasi raisi Rustam Akramov, Hakamlik va nazoratchilik boshqarmasi boshlig`i Noil Lutfulin va Hakamlar va nazoratchilarni tayinlash bo`limi boshlig`i Bobur Haydarovlar ishtirok etishdi.
Shuningdek, zalga 2009 yilgi O`zbekiston chempionati, Kubogi va birinchiligi bahslarini boshqaradigan hakamlar va nazoratchilar yig`ilishdi. Dastlab so`zga chiqqan Noil Lutfulin bugungi kunda O`zbekiston futbol federatsiyasi va O`zbekiston professional futbol ligasi tomonidan hakamlar va nazoratchilarga alohida e’tibor berilayotganini ta’kidladi. “Bugun biz hakamlar va nazoratchilarning navbatdan tashqari majlisiga yig`ildik. Bugun bir qancha masalalar muhokamaga qo`yilgan: chempionatning o`tgan turlaridagi natijalar bo`yicha hakamlik savijasini analiz qilish, hakamlik saviyasini oshirish bo`yicha sizlarning fikr-mulohazalaringizni eshitish va sizlar bilan yagona futbol qoidalari asosida ishlash uchun video-materiallarni tomosha qilishdan iborat”. “O`zbekiston chempionatining endigina 8 ta turi o`tdi, lekin biz hozirdanoq ma’lum muddatlarga o`z ishlaridan chetlatilgan 5 ta hakam va nazoratchiga egamiz. Bu ko`rsatkich shundan dalolat beradiki, hakamlar va nazoratchilarga nisbatan talablar kuchayib bormoqda”, - deya so`zini davom ettirdi Lutfulin. “Shu bois, biz har tomonlama sizlarning bilim va mahoratlaringizni oshirish bo`yicha harakat qilganmiz va bundan keyin ham shunday bo`ladi: bu borada seminar va yig`inlar tashkil qilinadi.
1-5 iyul kunlari hakamlar nazoratchilarni o`qitish bo`yicha FIFA kurslarini o`tkaziladi. Unda Osiyo futbol Konfederatsiyasidan vakillar ham qatnashadilar”. Shundan keyin O`zPFL bosh direktori Farhod Magometov o`z fikrlari bilan o`rtoqlashdi. Uning aytishicha, bugungi kunda hakamlik saviyasini oshirish zarur va buning uchun O`zbekiston futbol federatsiyasi va O`zbekiston professional ligasi tomonidan barcha sharoitlar yaratib berilmoqda. “O`zbekiston professional futbol ligasi tashkil topganiga hali bir yil ham o`tgani yo`q. O`tgan yili ikkinchi davrada hakamlik ishi bo`yicha bizda bor-yo`g`i 2 ta shikoyat bor edi. Bugun esa, 8 tur uchun naqd 5 ta shikoyat bizga kelib tushgan! Bu holatni albatta, ijobiy deb bo`lmaydi. Hakamlar, biror bir tomonga yon bosishni bas qiling, sizlar – professionallarsizlar va sizlarda “sevimli jamoa” degan tushuncha bo`lish kerak emas. Siz o`z ishingizni qiling tamom. O`sha jamoalar sizlarning yordamlaringizsiz ham yutaveradi. Qaysidir klub tomonidan ma’lum taklif bilan chiqilsa, bu haqda qo`rqmasdan bizga murojaat qiling. Bu borada aynan UFF prezidenti Mirabror Usmonov bilan suhbatlashdim va federatsiya rahbari ham hakamlar hech kimdan qo`rqmasliklari zarurligini bildirdi”.
Yig`ilish so`nggida bahslar sabab bo`lgan turli video lavhalar namoyish etildi va hakamlar yakuniy qarorlar bo`yicha o`z fikr-mulohazalarini bildirishdi.
Manba: www.pfl.uz
|